Stipendiyalar
🇯🇵 Yaponiya

MEXT

Japanese Government (Monbukagakusho) Scholarship

Yaponiya hukumati kontrakt, oylik stipendiya va aviabiletni toʻlaydi. Toshkentdagi elchixonada yozma imtihon topshirasiz; arizalar may oxirida yopiladi, oʻqish keyingi yil aprelidan.

Rasmiy yoʻriqnoma bilan 1 Oktabr 2026 da solishtirilgan.

Sanalar

MEXT 2028 — elchixona (bakalavr, tadqiqot): 2027 tsikli asosida taxmin (eʼlon aprel oʻrtasi atrofida, Oʻzbekistonda muddat 2026-yil 25-may). Imtihonga tayyorgarlikni hozir boshlang.

Yaqinda yopilganlar
  • MEXT 2027 — elchixona (bakalavr, tadqiqot) — 25 May 2026 · Yopilgan. Birinchi saralashdan oʻtgan tadqiqotchilar 2026-yil 1-sentabrgacha professor roziligini olishi kerak edi; natijalar 2027-yil yanvar–mart. · manba

Nimalarni toʻlaydi

NimaMEXT 2027
Oylik stipendiya — bakalavr117 000 iyena
Oylik stipendiya — tadqiqotchi talaba (tayyorlov / nodaraja)143 000 iyena
Oylik stipendiya — magistratura (daraja talabasi)144 000 iyena
Oylik stipendiya — doktorantura (daraja talabasi)145 000 iyena
Hududiy qoʻshimchamaxsus hududlarda oyiga +2 000 yoki 3 000 iyena
KontraktKirish imtihoni, qabul va oʻqish toʻlovlari olinmaydi
AviabiletBoshida Yaponiyaga ekonom bilet, oxirida — vaqtida qaytsangiz — uyga
Nimani toʻlamaydi

Oʻz davlatingiz ichida aeroportgacha yoʻl, aeroport soliqlari, sayohat sugʻurtasi va qoʻshimcha yuk. Agar shaxsiy sabab bilan belgilangan sanalardan tashqari kelsangiz, bilet toʻlanmaydi.

Manba: MEXT 2027 yoʻriqnomalari (bakalavr; tadqiqotchi talabalar), «Stipendiya imtiyozlari» boʻlimi. MEXT: «toʻlov miqdori har moliyaviy yilda oʻzgarishi mumkin».

Bu nima

MEXT — Yaponiya Taʼlim vazirligining stipendiyasi (eski nomi Monbukagakusho hanuz ishlatiladi). U Yaponiyada toʻliq oʻqish uchun kontrakt, oylik stipendiya va aviabiletni toʻlaydi. Koʻp stipendiatlar avval bir yil — tadqiqotchi talabalar olti oy — yapon tilini oʻrganadi.

GKSdan eng katta farqi: MEXT sizni imtihon qiladi. Yaponiya elchixonasi yozma imtihonlar, keyin suhbat oʻtkazadi.

Ikki yoʻl

Elchixona tavsiyasiUniversitet tavsiyasi
Sizni birinchi kim tanlaydiYaponiyaning Toshkentdagi elchixonasiSizni tavsiya qiladigan Yaponiya universiteti
QachonBahorda eʼlon (2027 tsikli: Oʻzbekistonda muddat 2026-yil 25-may)Har bir universitetning oʻz jadvali
Kimga mosOʻzbekistondan topshiruvchilarning koʻpchiligigaIshtirokchi universitet bilan allaqachon aloqasi borlarga

Bu sahifa elchixona yoʻli haqida; dasturlar: Undergraduate (bakalavr), Research Students (magistratura/PhD), shuningdek elchixona eʼlon qiladigan yaponshunoslik, oʻqituvchilar malakasini oshirish va boshqalar.

Bakalavr — Undergraduate Students

  • Yosh: 2002-yil 2-apreldan keyin (shu kuni ham) tugʻilgan (2027 tsikli).
  • Maktab: 12 yillik taʼlim tugatilgan (yoki 2027-yil martigacha), yoki Yaponiyadagi yuqori oʻrta maktabga teng maktab tugatilgan.
  • Til: topshirish uchun yapon tili shart emas — lekin yapon tilida oʻqishga tayyor boʻlishingiz kerak.
  • Yoʻnalishlar: kursni tanlaysiz (Ijtimoiy va gumanitar fanlar A yoki B; Tabiiy fanlar A, B yoki C) va 3 tagacha mutaxassislik. Sanʼat va musiqa kirmaydi. Keyin kursni oʻzgartirib boʻlmaydi.
  • Tayyorlov yili: gumanitarlar bir yil ABK kollejida, tabiiy fanchilar Osaka universitetida oʻqiydi — yapon tili va maktab fanlari. Keyin universitetning kirish imtihonini topshirasiz. Universitetni MEXT belgilaydi; eʼtiroz qabul qilinmaydi.
  • Muddat: 5 yil (1 + 4); tibbiyot, stomatologiya, veterinariya va olti yillik farmatsiya uchun 7 yil.
  • Kelish: 2027-yil 1–7-aprel.
11 yilmi yoki 12?

Oʻzbek maktabi 11 yillik. 2027 yoʻriqnomasi 12 yillik taʼlimni yoki Yaponiya yuqori oʻrta maktabiga teng maktabni qabul qiladi — lekin toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirish uchun 12 yillik (yoki unga teng imtihon) sharti kerak, shuning uchun 11 yillik maktab bitiruvchisi tayyorlov yilidan oʻtadi. Holatingiz noaniq boʻlsa, topshirishdan oldin elchixonadan soʻrang.

Toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirish

Agar yapon tilingiz (baʼzi inglizcha kurslar uchun — ingliz tilingiz) yetarlicha kuchli boʻlsa, tayyorlov yilini oʻtkazib, toʻgʻridan-toʻgʻri universitetga kirishni soʻrashingiz mumkin — bu ikkinchi saralashdan keyin hal qilinadi. Universitetlar buni JLPT sertifikati orqali baholaydi. Powerty'dagi Prime Japanese sizni noldan N4 sari olib borish uchun qurilgan.

Yozma imtihonlar (bakalavr)

KursingizNimani yozasiz
Ijtimoiy va gumanitar fanlar A yoki BYapon tili, ingliz tili, matematika (A)
Tabiiy fanlar AYapon tili, ingliz tili, matematika (B), kimyo, fizika
Tabiiy fanlar B yoki CYapon tili, ingliz tili, matematika (B), kimyo, biologiya

Kalkulyator mumkin emas. Yapon tili imtihonini hamma, hatto yangi boshlovchilar ham yozadi — natija sizni tayyorlov kursiga joylashtirish uchun ishlatiladi. Oʻtgan yillar savollari Study in Japan saytida eʼlon qilinadi: ularni vaqt bilan ishlang; nomzodlar asosan matematika va tabiiy fanlar qogʻozlarida ajraladi.

Matematika — asosiy toʻsiq

Tabiiy fanlar uchun matematika (B) qogʻozi baʼzi joylarda odatiy maktab dasturidan chiqadi. Oʻtgan yillar savollarini oylar oldin boshlang va boʻshliqlarni Powerty'dagi matematika kurslari bilan toʻldiring.

Magistratura va PhD — Research Students

  • Yosh: 1992-yil 2-apreldan keyin (shu kuni ham) tugʻilgan (2027 tsikli).
  • Taʼlim: 16 yillik taʼlim yoki kamida uch yillik dasturda olingan bakalavrga teng daraja — oʻqishga kirgunga qadar.
  • Imtihonlar: yozma yapon va ingliz tili testlari, keyin suhbat. Komissiya batafsil va aniq tadqiqot rejasini hamda Yaponiya universitetlarini oʻrganganingizni koʻrmoqchi.
  • Maqom: koʻpchilik avval «nodaraja» tadqiqotchi talaba sifatida boshlaydi (koʻpincha olti oy yapon tili bilan), keyin magistratura yoki doktoranturaga kirish imtihonini topshiradi.

Hal qiluvchi qadam: professorning dastlabki roziligi

Elchixonaning birinchi saralashidan oʻtsangiz, Yaponiya professorlari bilan oʻzingiz bogʻlanib, dastlabki qabul xati (provisional acceptance) olishingiz kerak — 2027 tsiklida 2026-yil 1-sentabrgacha. Usiz sizni joylashtirib boʻlmaydi. Soʻnggi maqolalari tadqiqot rejangizga mos keladigan ikki-uchta professorni tanlang va har biriga qisqa, aniq xat yozing.

Izohli namunalarni koʻring: Professorga birinchi xat va MEXT tadqiqot rejasi.

Hujjatlar (elchixonaga qogʻozda topshiriladi)

  • Ariza shakli (2027 shakli), olti oy ichida olingan 4,5 × 3,5 sm rasm bilan.
  • Baholar varaqasi va tugatganlik hujjati (yoki tugatish arafasida ekanlik haqida maʼlumotnoma).
  • Tavsiyanoma — bakalavr: sinf rahbari yoki direktordan; tadqiqot: dekan yoki ilmiy rahbardan (ishlasangiz, ish beruvchidan ham).
  • 2027 shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma.
  • Tadqiqotchi talabalar yana: Field of Study and Research Plan (tadqiqot rejasi), joylashtirish istagi shakli, agar boʻlsa — ilmiy ishlar annotatsiyalari.
  • Bor boʻlsa til sertifikatlari (JLPT, IELTS, TOEFL) — soʻnggi ikki yil ichida berilgan.

Hammasi yapon yoki ingliz tilida yoki tarjima ilova qilingan holda; bitta asl toʻplam va nusxalar (bakalavr: bitta nusxa; tadqiqot: ikkita), har bir hujjatning oʻng yuqori burchagida yoʻriqnomadagi raqami.

MEXT yili, oyma-oy (elchixona yoʻli)

  1. Aprel oʻrtasi — elchixona eʼlon beradi. Shu yilgi shakllarni yuklab oling.
  2. Muddatgacha (2027 tsikli: 2026-yil 25-may) — qogʻoz hujjatlar Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasiga.
  3. May–iyul — birinchi saralash: hujjatlar, yozma imtihonlar, suhbat.
  4. Tadqiqotchilar, 1-sentabrgacha — Yaponiya professoridan dastlabki rozilik; keyin joylashtirish istagi shakli (sentabr oʻrtasi – oktabr boshi).
  5. Noyabrdan — MEXTning ikkinchi saralashi va universitetga joylashtirish.
  6. Yanvar–mart — natijalar elchixona orqali.
  7. Aprel (yoki sentabr/oktabr) — yangi berilgan talaba vizasi bilan Yaponiyaga kelish.

Arizani yiqitadigan xatolar

  • Bahorgi eʼlonni oʻtkazib yuborish. Ariza kelishingizdan taxminan bir yil oldin yopiladi — kuzda qidira boshlaganlar kechikkan boʻladi.
  • Oʻtgan yillar savollarini ishlamaslik. Imtihonlar — birinchi filtr; chiroyli shaxsiy hikoya zaif matematika qogʻozini qutqarmaydi.
  • Mavhum tadqiqot rejasi. «Sunʼiy intellektni oʻrganmoqchiman» — reja emas. Muammo, usul va professorni ayting.
  • Professorni kutib oʻtirish. Uni sentabr muddatigacha oʻzingiz topishingiz kerak.
  • Notoʻgʻri viza bilan kelish — MEXT yangi berilgan «Student» vizasini talab qiladi; aks holda stipendiya toʻxtatiladi.

Manbalar: MEXT 2027 yoʻriqnomalari (bakalavr; tadqiqotchi talabalar), Study in Japan; Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, MEXT 2027 eʼlonlari.

Izohli namunalar

Universitetlar

Bu stipendiya talabalarni joylashtiradigan universitetlarning bir qismi — har yilgi rasmiy roʻyxat stipendiyaning oʻz saytida.

Roʻyxatni koʻrish
Buni roʻyxatga aylantiring
Har bir hujjatni olganingizda belgilang.